Esports Uzbekistan Federatsiyasi 2016-yilda O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida rasman ro’yxatdan o’tgan va shu yildan o’z faoliyatini boshlagan bo’lib, bugungi kunga qadar elektron kompyuter sporti sohasida bir qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Federatsiya tashabbusi bilan 2018-yildan elektron kompyuter sporti (kibersport) O’zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan rasmiy sport turlari reestriga 100-rasmiy sport turi sifatida kiritildi va sport taqvimidan o’rin oldi. Shu davrgacha O’zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda juda ham ko’plab loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. Federatsiya va umuman, kibersport rivoji uchun vazirlik tomonidan katta e’tibor berilayotganini alohida qayd etib o’tish joiz. Hukumat bilan hamkorlik yo’lga qo’yildi va tan olingan Federatsiya sifatida davlat dasturlarida kibersportni rivojlantirish yo’nalishlari uchun mas’ul idora etib tayinlanib kelinmoqda.
2016-yil so’nggida, 2017-yil boshida Federatsiya tomonidan O’zbekistonda ilk bor eng yirik professional kibersport arenasi – “UZArena” tashkil etildi. Arena 2 300 kvadrat metr maydonga ega bo’lib, barcha sharoitlarga ega, xalqaro standartlarga javob beruvchi yirik kibersport inshooti hisoblangan.
Federatsiya kibersportchilari esa qisqa vaqt ichida professional dajaraga chiqishga hamda jahon va xalqaro turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishga erishishdi.
Xususan, o’zbekistonlik kiberfutbolchilar Professional Futbol Ligasi tasarrufidagi futbol klublar bilan rasmiy shartnoma imzolashdi va klublar nomidan liga musobaqalarida qatnashishdi. Keyinchalik kiberfutbolchilarimiz Parijdagi xalqaro ESWC-2016 musobaqasida qatnashishdi, shuningdek Tbilisi va Kiyev shaharlarida o’tkazilgan xalqaro turnirlarda g’olib va sovrindor bo’lishdi.
2017-yil Federatsiyamiz tashabbusi bilan Toshkentda 1-xalqaro kiberfutbol musobaqasi tashkil etildi va unda bir qator xorijlik jahon chempionlar va qit’amiz yulduzlari ishtirok etishdi. Xalqaro ekspertlar tomonidan ushbu turnirga yuqori baho berildi.