Yangiliklar

"IESF" prezidenti Vlad Marinesku bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

13-mar, 2021 17:59

Esports Uzbekistan Federatsiyasi (UESF) prezidenti Azizbek Pattaxov joriy yilning 6-mart kuni "International eSports Federation" (IESF) prezidenti Vlad Marinesku bilan uchrashdi. Toshkentda tashkil etilgan uchrashuvda har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, nafaqat O'zbekistonda, balki O'rta Osiyoda ham kibersportni ommalashtirish va keng targ'ib qilish, ushbu yo'nalishda xalqaro musobaqalarni ko'paytirgan holda, uning Olimpiada o'yinlariga qo'shilishiga ko'maklashish kabi mavzular kun tartibidan o'rin oldi.


Shuningdek, muzokaralar davomida "IESF" tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarda Esports Uzbekistan Federatsiyasining faol qatnashayotgani va doimo qo'llab-quvvatlab kelayotgani alohida e'tirof etildi.

O'zbekistonda kibersport rivojlanib borayotgani, "IESF"ning to'laqonli a'zosi hisoblangan Esports Uzbekistan Federatsiyasi bu borada katta maqsadlarni o'z oldiga qo'yayotgani aytib o'tildi. "IESF" prezidenti mamlakatimizda ushbu sohada Federatsiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni qo'llab-quvvatlashini ma'lum qildi.

"IESF" prezidenti, janob Marineskuda O'zbekiston diyori iliq taassurot qoldirgani va bunday sharoitlarda yirik xalqaro turnirlarni aynan Toshkentda o'tkazish sharoitlari mavjud ekanligi qayd etildi. Shuningdek, Azizbek Pattaxov barcha yutuqlarda prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yoshlar va sport sohasiga alohida e'tibor qaratilayotgani, hamda davlat tomonidan ko'plab musobaqalar moliyalashtirilayotganini alohida ta'kidlab o'tdi. Ayni paytda Federatsiya va O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi o'rtasida ko'plab musobaqalar tashkil etilmoqda. Kelgusida bunday katta musobaqalarni Milliy Olimpiya qo'mitasi bilan ham birgalikda amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Uchrashuv yakunida "IESF" rahbari tez orada O'zbekistonga yana tashrif buyurishini va kelgusi rejalarni amalga oshirishda ikki tomon ham bir-biriga ko'maklashishi kelishib olindi.

Shu o'rinda Esports Uzbekistan Federatsiyasi Vlad Marineskuga yurtimizda mehmon bo'lib, uchrashuv uchun vaqt ajratgani va faoliyatimiz hamda, Federatsiyamizni qo'llab-quvvatlayotgani uchun alohida minnatdorchilik bildiradi.

Izohlar