Karantin davrida aholining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, yurtdoshlarimiz orasida shaxmatni yanada rivojlantirish maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va bir qator hamkorlar, shu jumladan, Esports Uzbekistan Federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan havaskorlar o‘rtasida birinchi onlayn O‘zbekiston chempionatiga ham start berildi.

«Uyda qol va g‘alaba qozon» shiori ostida o‘tkazilayotgan musobaqada ishtirok etish uchun shu kungacha ikki mingdan ortiq havaskor shaxmatchi ro‘yxatdan o‘tishgandi. 11-may kuni boshlangan dastlabki kungi musobaqada ularning katta qismi g‘oliblik uchun dona surishdi, ammo ba’zilar turnir boshlanganini unutib qo‘yishdimi yoki boshqa sababmi bahslarda ishtirok etishmadi.

11-may kungi turnirda g‘oliblik samarqandlik Jamshid Tohirovich Mustafoyevga nasib etdi. 1991-yilda tug‘ilgan ushbu havaskor shaxmatchi eng yaxshi natija bilan birinchi onlayn O‘zbekiston chempionatining dastlabki chempioniga aylandi. U 3 million so‘m hamda shaxmat bo‘yicha havaskorlar o‘rtasida birinchi onlayn O‘zbekiston chempionati g‘olibi diplomi bilan taqdirlanadi.

Aziz yurtdoshlar, shaxmat bo‘yicha havaskorlar o‘rtasida birinchi onlayn O‘zbekiston chempionati 20-mayga qadar davom etadi. Agarda siz dastlabki turnirlarda ro‘yxatdan o‘tib, musobaqada ishtirok etolmagan bo‘lsangiz, sira ham afsuslanmang. 20-mayga qadar ro‘yxatdan o‘tishingiz va darhol musobaqada ishtirok etishni boshlashingiz mumkin. Demak, hali ham kech emas va musobaqada ishtirok etishga shoshiling!», – deyiladi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Published
Views 138

Comments

No Comments

Leave a Reply