Bugundan boshlab, O’zbekiston Professional Kibersport Ligasi rasman ochiq deb e’lon qilindi. Bahslarga start berilishidan avval, turnir tashkilotchilari tomonidan ishtirokchilarda mavjud savollarga javob berish maqsadida uchrashuv tashkil etildi. Yig’ilish iftorlik vaqtiga to’g’ri kelib qolganligi bois, kichik iftorlik dasturxoni ham tashkil etildi.

Iftorlikdan so’ng, O’zbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasi prezidenti Azizbek Pattaxov liga tizimi va uning afzalliklari, turnir reglamenti haqida ishtirokchilar uchun ma’lumotlar berib o’tdi.

O’zbekiston Professional Kibersport Ligasi nima va qanday tartibda o’tkaziladi?

Sport musobaqalarida liga tizimi turli xil variantlarda qo’llaniladi va u asosan ko’p ishtirokchilarni o’z ichiga oluvchi, uzoq muddatli turnirlar uchun mos kelishi ko’p bor o’z tasdig’ini topgan. Shu bois, O’zbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasi ham kibersport sohasiga liga tizimini joriy qilishni ma’qul deb hisoblaydi va kibersportchilarning yil davomida sport formasida bo’lishiga yordam beruvchi tizim g’oyasini to’laqonli qo’llab-quvvatlaydi.

PCL Uzbekistan bahslari uy-safar tizimi orqali 2 ta davra ko’rinishida o’tkaziladi. Birinchi davra uchrashuvlari 10-maydan 31-iyulga qadar davom etadi va bu vaqtda har bir divizionning barcha ishtirokchilari o’zaro bir martadan tur uchrashuvlari o’tkazishga ulgurishlari kerak bo’ladi. Ilk davra yakunida har bir divizion (Superliga, Pro-Liga va Havaskorlar Ligasi)ning ekvatoridan teng ikkiga bo’linish yuz beradi va bunda ekvatorning yuqori qismi “Winner” setkasidan joy oladi, quyi qism esa o’z-o’zidan “Loser” setkasiga tushadi. Aynan ushbu setka vakillari o’rtasida bir oylik (avgust oyida) turnir tashkil etiladi. Ushbu turnir uchun ham alohida sovrin jamg’armasi va reglament ishlab chiqiladi.

Avgust oyida Liga uchrashuvlari o’tkazilmaydi va bu vaqtda kibersportchilar “Winner” va “Loser” setkalaridagi turnirlarda ishtirok etishlari mumkin bo’ladi. Sentabr oyidan boshlab O’zbekiston Professional Kibersport Ligasining 2-davra uchrashuvlariga start beriladi va liganing so’nggi tur uchrashuvlari dekabr oyining ilk haftasida o’z yakuniga yetadi. Ushbu davra yakunlariga ko’ra, har bir divizionning yuqori elitasidan joy olgan eng kuchli (2 tadan 8 tagacha) jamoalari “Elite Cup”da ishtirok etish yo’llanmasini qo’lga kiritishadi. Turnir jadvalining o’rta qismidan joy olgan kibersportchilar ( 4 tadan 10 tagacha) “iSplay Cup”da ishtirok etishadi va nihoyat, jadvalning quyi o’rinlarini band etgan ishtirokchilar – “Unlimited Cup”da kuch sinashadi. Bunda “Superliga” elitasi “Pro-Liga” va “Havaskorlar Ligasi” elitasiga qarshi bellashuvlarga kirishishi va mos ravishda boshqa o’rinlarni egallagan kibersportchilar ham o’zidan yuqori yoki quyi divizion vakillariga qarshi o’yinlari o’tkazishi nazarda tutilgan. Ushbu bellashuvlar yanvar oyida o’tkazilishi rejalashtirilmoqda.

PCL Uzbekistan’ning barcha tur uchrashuvlari o’z yakuniga yetgach, umumiy turnir jadvaliga ko’ra, har bir kibersport yo’nalishi bo’yicha O’zbekiston chempioni, vitse-chempioni va 3-o’rin egalari aniqlanadi. Sovrindorlar pul mukofotlari, diplom va esdalik sovg’alari bilan taqdirlanishadi, shuningdek, Esports Uzbekistan yil yakunida kibersport tarixida ilk bor tashkil etilishi rejalashtirilayotgan “Taqdirlash marosimi” ham o’tkazishni maqsad qilgan.

Ligadagi ishtirok kibersportchilar uchun qanday imtiyozlar beradi?

Kelgusida O’zbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasi tomonidan tashkil etiladigan turli darajadagi musobaqalarda faqatgina Liga qatnashchilari ishtirok etishlari mumkin. Ya’ni Liga bahslarida qatnashmagan kibersportchilar Federatsiya kelgusi turnirlariga qo’yilmaydi. Shuningdek, xalqaro darajadagi yirik musobaqalar (WESG, WCG, ESWC, Osiyo va Olimpiada o’yinlari…)da ishtirok etish uchun mamlakatimizga kibersportchilariga ajratilgan kvotalarni faqatgina Federatsiya tashkil etayotgan Liga bahslarida muntazam ishtirok etib kelayotgan kibersportchilargina o’ynashlari mumkin bo’ladi.

Published
Views 323

Comments

No Comments

Leave a Reply

RSS Cybernews